UzNuts


Qishloq xo'jaligi sohasida ishlatiladigan turli so'zlar va atamalar borki, ularning to'liq ma'nosi haqida tushunarli ma'lumotlarga ega bo'lgimiz keladi. Bog'dorchilikda ko'p ishlatiladigan shunday so'zlardan biri solkashlik so'zi haqida ma'lumotlarni taqdim etishni joiz deb bildik.

Solkashlik — mevali daraxtlarning yil ora hosil berishi. Bu xususiyat, asosan, urugʻli mevalilarga xos. Solkashlik noklarda, odatda, olmaga qaraganda juda kam uchraydi. Solkashlik asosan, agrotexnikaga bogʻliq. Parvarishi yaxshi (tuprogʻi ishlanadigan, oʻgʻitlanadigan, sug'oriladigan, butab turiladigan) oʻsimlik toʻqimalarida kerakli miqdorda oziq moddalar toʻplanib, gul kurtaklarining shakllanishiga, yaʼni kelasi yil hosiliga zamin yaratiladi va bunday daraxtlar har yili hosil beradi.

Odatda, mevali daraxtlar koʻp gul ochadi. Olma va nok daraxtlarining 10— 15% guli meva tugsa, serhosil hisoblanadi. Agar daraxtda gul juda koʻp bo'lsa, bir yillik novdalar sust o'sadi, barglari maydalashadi. Natijada daraxtlar kelgusi yili hosil uchun kerakli miqdordagi gul kurtaklarini shakllantira olmaydi. Shu davrgacha har yili hosil berib kelgan daraxt solkash boʻlib qoladi.

Solkashlik meva naviga ham bogʻliq. Ayrim olma navlari (masalan, Simirenko) yaxshi tabiiy sharoitda yetarlicha parvarish qilinsa, ayrimlari esa (masalan, Delishes) qoʻshimcha parvarish qilingandagina har yili hosil beradi. Solkashlikni yoʻq qilishda yoki uni kamaytirishda payvandtagning ahamiyati katta. Masalan, kuchsiz oʻsuvchi payvandtag (paradizka, dusen)ga ulangan olma daraxti har yili hosil beradi. Solkashlikni bartaraf etishda har bir navning xususiyatini hisobga olgan holda tashqi muhit sharoiti, ayniqsa, agrotexnika tadbirlari majmui katta ahamiyatga ega. Har yili hosil berishga yordam beruvchi tadbirlarni ishlab chiqishda bogʻlarga ekiladigan navlar tarkibini tuzish, agrotexnologiya talablarini toʻliq va sifatli oʻtkazish muhim rol oʻynaydi.

To’xtamurod MAMATOV,
Agronom-konsultant.
Tel: +998915206854

Ассоциация Ореховодства Узбекистана

Локация Ассоциации Ореховодства Узбекистана