UzNuts

O‘zbekistonning TDTdagi ishtiroki: tarixiy zarurat va manfaatlar uyg‘unligi

 

Ertaga Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti ilk sammiti oldidan O‘zA muxbiri mamlakatimizning mazkur tuzilma doirasidagi faoliyati haqida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mutaxassislarining fikrini yozib oldi.

– Ma’lumki, 2021 yil 12 noyabr kuni Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammiti o‘tkazilgan. Mazkur anjumanda ishtirok etgan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashkilot nomini “Turkiy davlatlar tashkiloti” etib o‘zgartirishni hamda Turkmanistonga kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risidagi tarixiy qarorni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan edi.

Ushbu qaror tashkilot faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, tuzilmaning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini oshirishga xizmat qilgan muhim tarixiy voqea bo‘ldi, desak mubolag‘a emas. Shuningdek, Istanbul sammiti yakunida Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti 2022 yil O‘zbekistonda o‘tkazilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yig‘ilishda savdo-iqtisodiyot, investitsiya va “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiya, transport va kommunikatsiya, ta’lim va madaniyat sohalaridagi ko‘p qirrali munosabatni har tomonlama kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston Prezidenti sammit qatnashchilariga Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingani uchun minnatdorlik bildirib, tashkilotga a’zo mamlakatlar fondlarida saqlanayotgan nodir asarlarni tadqiq etish, tarjima qilish, ushbu nodir merosning yagona elektron bazasini yaratish muhimligini ta’kidlagan.

O‘shanda davlat rahbarlari tomonidan o‘ndan ziyod hujjat, jumladan, sammitning yakuniy deklaratsiyasi, “Turkiy dunyo nigohi-2040” dasturiy hujjati va kun tartibiga kiritilgan boshqa qarorlar imzolangan.

Datlab 2009 yil 3 oktyabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi tashkil etilib, davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash tuzilmaning bosh maqsadi sifatida belgilangan edi. O‘zbekiston Respublikasi Kengashga rasman 2019 yil sentyabr oyida a’zo bo‘lgan. bugungi kunda nomi o‘zgargan – Turkiy davlatlar tashkilotiga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya a’zo. Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchi maqomiga ega.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik savdo-iqtisodiy munosabatni yanada mustahkamlash, bu yo‘ldagi barcha global xuruj va tahdidlarga birgalikda kurashishda muhim vositadir. Tashkilot Markaziy Osiyo va Kavkaz hududida rivojlanayotgan transport hamda energetika yo‘laklarida xavfsizlik va hamkorlikni ta’minlash imkonini beradi. Shuningdek, ommaviy madaniyatning salbiy oqibati sifatida qadriyatlar yemirilishi xavfi kuzatilayotgan bir davrda xalqlarimizning o‘ziga xos madaniy birligini saqlab qolish juda muhim.

Ma’lumki, joriy yil 4 noyabr kuni O‘zbekiston va Turkiya munosabatlariga 30 yil to‘ldi. Tashkilot doirasida ko‘p yillik tarixga ega o‘zaro aloqalarni mustahkamlash uchun yanada qulay muhit shakllanishi shubhasiz.

Samarqand shahrida o‘tadigan navbatdagi anjuman Turkiy davlatlar tashkilotining ilk yig‘ilishi sifatida tarixda qoladi. Tashkilot faoliyatining e’tiborga molik jihatlaridan biri shundaki, a’zo davlatlarni birodarlik, tarixiy o‘zlik va hamkorlikka bo‘lgan umumiy intilish birlashtirgan. Ushbu davlatlar tarixan bir-biriga uzviy bog‘liq, bugungi kunda ham mavjud manfaat va ehtiyojlar mushtarakligi shubhasiz.

Mazkur uyg‘unlik 200 millionga yaqin aholi, o‘nlab millat va elatni qamrab olgani bilan nechog‘li e’tiborga molik ekani ayon. O‘zbekiston Respublikasining tashkilot faoliyatidagi faolligi esa xavfsizlikni ta’minlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, madaniy o‘zlikni saqlab qolish borasidagi milliy manfaatlarga hamohang bo‘lib, kelgusi ravnaqimizga xizmat qilishi tabiiy.

Samarqand sammiti doirasida tashkilot faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi yangi, muhim qadamlar qo‘yilishi ham aniq.

Qahramon Haqberdiyev,

Sharq mamlakatlari rivojlanishini tadqiq etish

ilmiy-tahlil markazi direktori,

iqtisod fanlari nomzodi,

Durdona Madaminova,

siyosiy fanlar nomzodi, dotsenti

 Manba: UzA

Ассоциация Ореховодства Узбекистана

Локация Ассоциации Ореховодства Узбекистана